XX asrgacha bo‘lgan choponlar qanday tikilgan?

Milliy kiyimlar har doim anʼanaviyligi bilan ajralib turadi: libos odatda, asrlar davomida o‘zgarmaydi.

 

Erkaklar va ayollar kiyimlari umumiy asosga ega bo‘lgan – keng, yengsiz uzun bichimdagi ko‘ylak va ustki chopon (to‘n). Ular deyarli o‘zgarishsiz saqlangan, faqat matoni bezash usullari, kiyimning uzunligi va kengligi, taqiladigan unsurlar o‘zgargan.

Choponlar alohida xilma-xilligi bilan ajralib turgan. XX asr boshlariga qadar choponlar keng, uzun bo‘lib, yaxlit matolardan tikilgan va tananing barcha qismlarini berkitgan. 

Choponni bichishda orqa va old qismlari ikkiga qatlanuvchi bir butun matodan foydalanilgan. Old tomon yarmi o‘rtasidan oxirigacha kesilib, etak hosil qilingan. Ularga yon biqinlariga ko‘ndalang chiziqli matodan bichilgan qirqilmagan to‘g‘ri yenglar tikilgan, qo‘ltiqostiga ko‘pincha boshqa matodan qilingan qulfaklar tikilgan, biqindan pastroqda esa harakatlanish qulay bo‘lishi uchun katta bo‘lmagan kesiklar qilingan. Yoqa orqaga tik holatda, ilgaksiz tikilgan bo‘lib, ko‘krakda hech narsa bo‘lmagan. Yoqa, etak va yeng chetlariga ingichka to‘qima hoshiya yoki yo‘l-yo‘l mato tikilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.