Yevropa markazida joylashgan Vengriya qanday qilib turk dunyosi bilan bog‘landi?

Vengerlar (mojarlar) o‘zlarining butun tarixi davomida turkiylar dunyosining turli xalqlari bilan muloqot qilib kelganlar.

 

Taxminlarga ko‘ra, ular IX asr oxirida Karpat havzasiga kelib joylashgunga qadar turkiy tilli jamoalar bilan birga yashab kelishgan. Turkiy tillardan olingan 400 dan ortiq o‘zlashtirmalar ilk vengerlar va turkiy xalqlar o‘rtasida yaqin aloqalar mavjudligidan dalolat beradi. 

Pecheneglar va qumanlar X asrdan boshlab Vengriya qirolligidan boshpana topdilar va ular asta-sekin vengerlar orasiga singib ketgan bo‘lsalar ham, mamlakatning turli hududlaridagi toponimlar va venger tilidagi turkiy tillardan kirib kelgan so‘zlar hali ham ular haqidagi xotiralarni saqlab kelmoqda. XVI asrning boshlaridan boshlab Vengriya bir yarim asrdan ortiq vaqt davomida Usmonli turklar hukmronligi ostida qolgan. 

Usmonli turklar XVII asr oxirida bu yerlarni tark etishga majbur bo‘lgan bo‘lsalar-da, hozirgi kungacha ham saqlanib kelayotgan ba’zi me’moriy obidalar va turkiy so‘zlar guruhi vengerlarga o‘sha umumiy o‘tmishni eslatib turadi. Shu kabi o‘tmish voqealarini hisobga olsak, XIX asrga kelib Vengriyada turkiy xalqlar tarixi va madaniyatiga qiziqish milliy fanlar tarmog‘i sifatida shakllangani tabiiy.

Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston madaniy merosi Vengriya Fanlar akademiyasi to‘plamida” (42-jild) kitob-albomidan  olishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.