Yevropaliklar hushtak deb o‘ylab, bozorlardan nimani sotib olishgan?

Saksoniya Davlat etnografiya to‘plamlari (SES) 2004 yili Leypsig, Drezden va Xernxutdagi uchta etnologiya muzeyining ko‘rgazmalaridan yig‘ilgan.

 

2010 yildan boshlab ular Drezden davlat badiiy to‘plamlari uyushmasi (SKD) tasarrufiga o‘tgan. Deyarli 300 000 ta etnografiya obyektidan iborat SES to‘plami kattaligi jihatidan Germaniyadagi shunday muzeylar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. XIX asr oxirida asos solingan uch muzeyning har birining tarixi turlichadir.

Har bir o‘zbek oilasi azaldan qo‘lda yasalgan metall idishdan foydalangan. Sanoatda ishlab chiqaril-gan shu kabi buyumlar paydo bo‘lishi bilan qo‘lda yasalganlarining ahamiyati sekin-asta susaya boshlagan. 

Shunga qaramay, XIX asrda Buxoro, Samarqand va Xiva ajoyib mis va jez buyumlar yasalgan metall o‘ymakorligining yirik markazlari bo‘lgan. Germaniya etnologiya to‘plamlarida ta-horat yoki ovqatlanishdan burun qo‘l yuvish uchun suv solinadigan turkum idishlar – oftobalar, shuningdek, mazkur maqsadda qo‘llaniladigan panjarasimon qopqoqli dastshuy – qo‘lyuvgichlar bor. 

Xernxut etnologiya muzeyi ashyolari asosan Moraviya cherkovi targ‘ibotchilari tomonidan keltiril-gan. Markaziy Osiyoda o‘z manzilgohlariga ega bo‘lmaganlari sabab, ular sovg‘a qilgan bir necha ashyo ko‘proq tasodifiy xarid bo‘lgan, deyish mumkin. O‘zbekiston zargarlik buyumlari g‘oyat turfa bo‘lib, o‘zbek xonliklari aholisining barcha ijtimoiy va etnik guruhlari didini qanoatlantirgan.

To‘plamda quritilgan qovoqdan yasalgan nosqovoqlar yoki kundalik turmushda ko‘p qo‘llanadigan metro jetoni, qog‘oz pul va tangalar ham bor. Hozirda bor o‘zbek to‘plamining katta qismi leypsiglik rassom Gerd Tilemann tomonidan yig‘ilgan. Tilemann to‘plamida 1975 yili buxorolik usta Mansurov yasagan beshik mavjud. Yevropaliklar chaqaloq peshobi oqishi uchun maxsus moslama – sumagi bor Sharq beshigidan bexabar bo‘lganlari sababli, ularni hushtak deb o‘ylab, bozorlarda sotib olganlar. Binobarin, muzeyning XIX asr kirim daftarida ular aynan shu tarzda, yaʼni hushtak sifatida qayd etilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.