Ko‘p asrlardan buyon yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshchilik sanʼati O‘zbekistonda amaliy sanʼatning eng mashhur turlaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda.
Mintaqamizning tabiiy iqlim sharoiti va ishlatilgan ashyolarning unchalik pishiq bo‘lmaganligi tufayli ushbu amaliy sanʼat turlarining qadimiy namunalari bizgacha to‘liq yetib kelmagan. Ammo saqlanib qolganlari o‘zining mohirona ishlangan go‘zalligi bilan eʼtiborni tortadi. XVIII asrning oxiriga kelib, o‘zbek xonliklari hududlarida yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha mahalliy maktablar va markazlar rivojlana boshlagan. Ushbu hunarmandchilik ayniqsa Xorazm, Qo‘qon, Toshkent va Buxoroda yahshi rivojlangan.
Toshkentlik hunarmandlar anʼanaviy ravishda chuqur fon ichiga o‘ymakorlikni pargori uslubi bilan birgalikda ishlatishgan. Bunday usul handasaviy naqshlar bilan birlashib o‘simlik gulli nafis islimiy naqshlarini yaratishga imkon beradi.
Muzeyda mazkur yog‘och o‘ymakorligi maktabining vakillari sanalgan sulolaviy ustalar Z. Qoriyev, M. Ashirov, S. Rahmatullayev, M. Ibragimovlar tomonidan yasalgan olti burchakli va sakkiz burchakli xontaxtalar, laganlar va qutichalar ham keng namoyish etilmoqda. Ular o‘z mahsulotlariga bezak berishda turli uslublarni bitta kompozitsiya ostida birlashtiruvchi ko‘p tabaqali o‘ymakorlik uslubidan foydalanadilar. Misol uchun hoshiyalarda tez-tez uchraydigan bag‘dodiy uslubi yassi relyefli handasaviy pargori o‘ymakorlik uslubi bilan birlashtirilishi mumkin. Islimiy o‘simlik gulli nakshlar uchun chuqurroq fonga ega bo‘lgan o‘ymakorlikdan foydalaniladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi" turkumidagi “O'zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi to'plami” kitob-albomida (XXXIX jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.