Mahalliy tillaqoshlarda O‘rta Osiyo xalqlari tasavvurida mavjud bo‘lgan qadimiy obrazlar aksini ham ko‘rish mumkin.
Xorаzmda to‘y-marosimi bosh kiyimlarining asosiy qismi peshanadagi bezak hisoblangan. Bu bezakning joylashuvi va shaklida qushsimon chizgilar o‘z aksini topgan. Ularning nomlari turli hududlarda “tillaqosh”, “boloabro‘” deb nomlanishi ham tasodifiy emas. Ularning maʼnosi Sharq xalqlarida baxt va farovonlik ramzi sanalgan qushlarga borib taqaladi. Xorazmning eski taqinchoqlaridan biri “qanotosma” deb atalishi bu fikrni isbotlaydi.
Vaqt o‘tishi bilan qushlar tasviri ramziy ahamiyat kasb eta boshlagan, unga o‘simliklar shakli qo‘shilgan, mavhumlashgan, biroq XIX–XX asr boshlarida yasalgan tillaqoshlarda ham markaziy qismda qushlarning qanot yozib turgan tasvirini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, bunday taqinchoqlarning yuqori qismida o‘simliksimon, antropomorf (odam) va zoomorf (hayvon), astral (yulduzlar, koinot) motivlarni ko‘rish mumkin. Buning uchun xalq orasida turli yomon ko‘zlardan saqlashiga ishonilgan va ilohiylashtirilgan toshlardan (feruza, marjon) ham foydalanilgan.
Batafsil "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, 2- jild, “Rossiya davlat etnografiya muzeyi to‘plami" kitob-albomida o‘qishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.