Toshkent, Sankt-Peterburg va Ufa shaharlarida musulmonlar uchun muqaddas bo'lgan kitob haqida hujjatli filmni suratga olish ishlari boshlanadi.
BBC O'zbek xizmati O'zEOAVMA bilan hamkorlikda xalqaro tarixchilar va Qur'on bo'yicha mutaxassislar ko'magida hamda Eriell Group xalqaro neft xizmati kompaniyasining homiyligida Usmon Qur'oni haqida hujjatli film yaratadi.
O'zbekiston madaniy merosini saqlash, o'rganish va ommalashtirish bo'yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov ishtirokidagi ZOOM konferensiyada film muallifi BBC O'zbek xizmati jurnalisti Luiza Xudaykulova va BBC O'zbek xizmati muharriri Xayrullo Ubaydullayev bilan suhbat bo'lib o'tdi. Hozrigi kunda arxiv hujjatlari asosida 1923 yilda Usmon Qur'onining O'zbekistonga qaytarilishi bilan bog'liq voqealarni tiklash bo'yicha ishlar olib borilmoqda.
Usmon Qur'onining uzoq vaqt davomida musulmon dunyosidan tashqarida saqlanganligi vu ushbu muqaddas kitob tarixi bilan bog'liq juda ham ko'p sirlar mavjud, film mualliflari ularga javob topishga harakat qilishadi. Qanday qilib ushbu bebaho yodgorlik 100 rublga sotilgan? Sankt-Peterburgda tayyorlangan va Sharq mamlakatlariga katta mablag' evaziga sotilgan ellik nusxaning taqdiri qanday? Usmon Qur'oni o'sha davrlarda Rossiyaning Islom dini markazi bo'lib hisoblangan Ufa muftiyatiga qanday qilib borib qolgan va uning taqdirida Leninning o'rni qay darajada? Chunki aynan uning qaroriga binoan Usmon Qur'oni maxsus poyezdda Orenburg orqali Toshkentga qaytarilgan.
Film ijodkorlari shu va boshqa ko'plab savollarga javob topishga harakat qilishadi. Rus generali Abramov 19-asr oxirida Xoja Axror masjidining mullalaridan muqaddas Qur'onni qanday qilib ramziy mukofot sifatida sotib olgani va muqaddas qo'lyozmani Rossiyaga yuborgan Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufmanga qanday topshirganligi haqida gapirib berishadi. Aynan shu yo'l bilan Usmon Qur'oni Sankt-Peterburgdagi Imperator kutubxonasining qo'lyozmalar bo'limiga topshirilgan. Film ijodkorlari muqaddas kitobni tarixiy vataniga qaytarish bilan bog'liq va Toshkentdagi Xast-Imom majmuasiga ko'chirilishi haqida barcha ma'lumotlarni taqdim etishadi.
Arxiv hujjatlari asosida tayyorlangan hikoyalar va jonli badiiy obrazlar yordamida tarixiy voqealarni jonlantirish orqali zarur atmosferani tiklash imkonini yaratadi. Filmga 1989 yilda Usmon Qur'onini O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari idorasiga topshirilishi aks ettirilgan xronikal kadrlar va guvohlarning hikoyalari kiritiladi.
Film premyerasi 2021 yil 29 sentyabr - 3 oktyabr kunlari poytaxtda o'tkaziladigan Toshkent kinofestivali doirasida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.
