Vengriyada Alisher Navoiy ijodi o‘rganiladi
21-oktabr kuni nishonlanadigan O‘zbek tili kuni munosabati bilan, O‘zbekiston Elchisi Abat Fayzullaev Vengriya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida Akademiya kutubxonasi bosh direktori Ishtvan Monok va Sharqshunoslik instituti direktori, Vengriya Etvos Loran nomidagi universitetining turkiyshunoslik kafedrasi mudiri (ELTE) Benedek Peri bilan uchrashdi, deb xabar beradi Dunyo axborot agentligi. https://dunyo.info/ru/site/inner/proizvedeniya_alishera_navoi_izuchayut_v_vengrii-7KW
Uchrashuv davomida Vengriya tomoni Navoiy ijodini o‘rganishga ko‘maklashish maqsadida tayyorlangan, Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida saqlanayotgan Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” qo‘lyozmasini, XVI asrga oid “Chag‘atoy usmonli lug‘ati”ni, XIX asrda oʻzbek olimi mulla Ishoq Ibrohim tomonidan tarjima qilingan mashhur venger shoiri Arani Yanoshning “Ajoyib shimoliy bugʻu haqida ertak” asarini taqdim etdi.
Maʼlumki, Oʻrta Osiyo olimlarining koʻplab asarlari vengriyalik taniqli turkolog va sayohatchi Arminiy Vamberi tomonidan Istanbul orqali Budapeshtga olib kelingan.
Arminiy Vamberining sevimli asarlaridan biri Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”)dir. Bu noyob qo‘lyozmaning dunyoda atigi to‘rtta asl nusxasi bor. Bu asar qadimiy o‘zbek va fors tillarining she’riy qudratini qiyoslaydi, Navoiy o‘zbek tilining afzalliklarini ko‘rsatib, o‘z zamondoshlarini o‘z ona tili – eski o‘zbek tilida ijod qilishga chorlaydi.
Uchrashuvda vengriyalik olimlar ushbu asarlarni o‘rganish va tadqiq etish niyatida bo‘lgan barcha o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Akademiya kutubxonasi doimo ochiqligini ta’kidlab o’tishdi.